Mashhur yunon faylasufi Pifagorning aytishicha, uning uzoq umr ko`rishiga muttasil asal iste`mol qilishi sabab bo`lgan ekan. Yana bir donishmand Demokrit esa bir asrdan ortiq yashagan bo`lib, u umrboqiylik sirini muntazam asal eyish va badanini moy bilan muolaja qilishda, deb bilgan. Qadimiy Misr, Yunoniston, Bobil, Hindiston va Xitoyda bemorlarni asal yordamida davolash urf bo`lgan. Asalning sizga noma`lum bo`lgan ba`zi xususiyatlari bilan quyida tanishasiz. Qazg`oqdan xalos etadi Asal zamburug`ga qarshi ta`sir qila oladi. Uni shampunga qo`shib yuborsangiz yoki uni muntazam ravishda boshingiz terisiga sursangiz qazg`oq va bosh qichishishidan xalos bo`lasiz. Buning uchun 1 osh qoshiq asalni 1 choy qoshiq suv bilan aralashtiring va ushbu aralashmani bosh terisiga 2 daqiqa davomida surtib singdiring. So`ng 2 soatga qoldiring va iliq suv bilan yuvib tashlang. Buni 2 kunda 1 marta takrorlang. Terini tozalaydi Uyda tayyorlangan asalli skrab terini juda yaxshi tushiradi, o`lik hujayralarni yo`q qiladi va yuz rangini ochadi. Buning uchun 2 osh qoshiq asalni 1 choy qoshiq osh sodasi bilan aralashtiring. Terini biroz ho`llab, so`ng aylana harakatlar bilan terini ishqalang. Iliq suv bilan yaxshilab yuvib tashlang. Chandiqlar bitib ketishida yordam beradi Asal yaradan qolgan izlarni tuzatadi va teri rangini tiniqlashtiradi. Buning uchun 1 choy qoshiq asalni 1 choy qoshiq kokos yoki zaytun yog`i bilan aralashtiring hamda muammoli joyni aylana harakatlar bilan barmoqlaringiz uchi yordamida 1—2 daqiqa davomida massaj qiling. Ustidan issiq sochiqni yopib qo`ying va sovigunicha qoldiring. Har kuni takrorlang. Husnbuzarlarni davolaydi Asal tarkibidagi bakteriyalarni o`ldiruvchi va namlantiruvchi komponentlar husnbuzarlarni davolaydi, shamollashga qarshi birikmalar esa qichishish va qizarishlarga barham beradi. Buning uchun asalni muammoli joylarga surib, 15—20 daqiqaga qoldiring, so`ng iliq suv bilan yuvib tashlang. Terini namlantiradi Asal tabiat in`om etgan ajoyib namlantiruvchi vositadir. U teriga namlik va havo kirishini kuchaytiradi. Buning uchun 1 choy qoshiq asalni yuzga surib, 15—20 daqiqaga qoldiring, so`ng iliq suv bilan yuvib tashlang. Kutikulani yumshatishga yordam beradi Asaldagi ozuqaviy moddalar va fermentlar tirnoq atrofidagi yorilgan, qurib ketgan terini yumshatadi. Buning uchun 1 choy qoshiq asalni 1 choy qoshiq tabiiy olma sirkasi va kokos yog`i bilan aralashtiring. Kutikulaga har kuni suring va 10 daqiqaga qoldiring, so`ng yuvib tashlang. Kuygan joylarni davolaydi U nafaqat to`qimalar qayta bitib ketishini tezlashtiradi, balki bakteriyalarni o`ldirish orqali infeksiya yuzaga kelishi oldini oladi. Buning uchun tananing kuygan qismiga yupqa qilib asal suring, u singib ketgach, yana takrorlang. Allergiyani davolaydi Asal tarkibida kam miqdorda mavjud bo`lgan gul changi immunitetni kuchaytirib, allergik reaksiyani kamaytiradi. Biroq bunda o`zingiz yashaydigan hududda yig`ilgan asaldan foydalaning. Buning uchun har kuni 2—3 choy qoshiq asal eb turing. Yo`talni davolab, tomoqni yumshatadi Asalning bakteriyalarni o`ldiruvchi, issiqlikni tushiruvchi va shamollashga qarshi xususiyatlari shamollashning ilk belgilari namoyon bo`lganidayoq qo`l keladi. Buning uchun 1—2 osh qoshiq asalni bitta limon suvi bilan aralashtiring va ichib yuboring, bunda suyuqlikni og`izda biroz vaqt ushlab turing.